Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish to’g’risida

“Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 9-son, 320-modda) 6, 25-moddalari, “Yo’l harakati xavfsizligi to’g’risida”gi Qonunining (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2013 y., 15-son, 197-modda) 17-moddasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2003 yil 31 yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risida”gi Nizomga (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2003 y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq transport vositalarining 2015 yilda majburiy texnik ko’rigini tashkil qilish maqsadida,

 

Q A R O R    Q I L A M A N:

 

1. Tuman hududidagi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar tegishli tartibda majburiy texnik ko’rikdan o’tkazilsin.

2. Tumanda transport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish quyidagi davriylikka muvofiq belgilansin:

a) tijorat asosida yo’lovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va o’tiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq bo’lgan (haydovchining o’rnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, og’ir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;

b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan ko’p bo’lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;

v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq bo’lgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;

g) tirkamalar ko’rikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.

3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida ko’rsatilgan transport vositalarining texnik ko’rigi:

birinchi marta — joriy yilning 1 martidan 30 iyungacha;

ikkinchi marta — joriy yilning 1 sentyabridan 31 oktyabrgacha o’tkazilsin.

Yuridik shaxslarga qarashli bo’lgan transport vositalarining texnik ko’rigi joriy yilning 1 martidan 30 iyungacha o’tkazilsin.

Jismoniy shaxslarga qarashli bo’lgan transport vositalarining texnik ko’rigi joriy yilning 5 yanvaridan 31 avgustgacha o’tkazilsin.

4. Tumanda texnik ko’rikni o’tkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo’lgan transport vositalarining 2015 yilgi majburiy texnik ko’rigini o’tkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil
31 yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman mudofaa bo’limi, ichki ishlar bo’limi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy bo’linmalari transport vositalari majburiy texnik ko’riklari o’z yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.

6. Majburiy texnik ko’rik davomida komissiya tarkibida ish olib boruvchi xodimlarning doimiy ish joylaridagi oylik ish haqlari saqlanib qolinsin.

7. Mazkur qaror “CHortoq haqiqati” gazetasida e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimi birinchi o’rinbosari B.Majidov  zimmasiga yuklatilsin.

 

 

                       Tuman hokimi                                                  A.Boyxanov

 

: