#munosabat

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Unda ijtimoiy soha, madaniyat, taʼlim, pedagoglar faoliyati, yoshlar tarbiyasi va yana boshqa masalalarga toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilish sohada olib borilayotgan islohotlar, xususan, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti faoliyatidagi natijalar hamda oldindagi rejalarning inʼikosi misoli bizni ruhlantirdi. Xususan, muhtaram Prezidentimizning: "Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur", -deya alohida urgʻu berdilar.

Bu taʼkid esa, institutimiz jamoasi tomonidan olib borilayotgan taʼlim jarayonidagi Ibrat domla kabi yetuk kadrlarni tayyorlash uchun sharq va gʻarb tillarining birdayin va mukammal darajada oʻrgatilayotgani, bunga hamohang tarzda milliy qadriyatlarimizga asoslangan holda maʼnaviy tadbirlarning ham oʻtkazib kelinayotgani yoshlarimiz uchun muhim dasturil amalga aylanishiga yana bir bor ishonchimiz komil boʻldi. Davlat yetakchisining olgʻa surayotgan gʻoyalari esa ushbu jarayonni yana ham jadal tarzda yoʻlga qoʻyishimizga munosib turtkidir.

Yana bir eʼtirofga sazovor masala: Prezidentimiz tarjimonlikdek masʼuliyatli mehnatni munosib ragʻbatlantirish uchun ulugʻ shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etishni taklif etdi.

Zero, bu NamDChTIda ayni paytda tarjimonlik nazariyasi va amaliyoti taʼlim yoʻnalishi hamda badiiy va sinxron tarjima mutaxassisligida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun katta motivatsiyaga aylanishi muqarrar. Aytish joizki, OTMmizdagi dars jarayonlari, shuningdek, maxsus toʻgaraklar orqali talabalarimiz bugungi kungacha koʻplab badiiy asarlar, ayniqsa, Ibrat bobomiz ijodidan bir qator namunalarni roman-german turkumi va sharq tillariga tarjima qilib kelmoqdalar. Endi esa ularning qiayotgan mehnatlari yurtboshimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yoshlarimizni yanada ruhlantirishi aniq.

Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi ham institutimiz oldida turgan rejalarning istiqbolli ekanini anglatmoqda. Sababi, chet tillari instituti boʻlishimizga qaramay yangi oʻquv yilidan Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasining ham alohida tashkil etilishi belgilanmoqda. Endi esa hech ikkilanishlarsiz yana ham harakatni oshiramiz, sababi, davlat rahbari bizning maqsadlarimizni qoʻllab-quvvatlar ekan, yoshlarimiz ular orzu qilganidek yetuk insonlar boʻlib yetishadilar, albatta.

Xayrullo NISHONOV, NamDChTI birinchi prorektori.